Turizm xizmatchilari amaliy seminar-treningda qatnashmoqda

Image

Turizm xizmatchilari amaliy seminar-treningda qatnashmoqda

Shahrisabz tumani hamda Miraki shaharchasi hududining turistik salohiyatini yanada oshirish maqsadida hududga tashrif buyuruvchi mahalliy va xorijiy turistlarga ko‘rsatiladigan turizm xizmatlari sifatini oshirib borish choralari ko‘rilmoqda.

Shu maqsadda, Shahrisabz tumani va Miraki shaharchasi hududida faoliyat olib boruvchi uy mehmonxonalari, umumiy ovqatlanish sohasi, gid xizmatlari, hunarmandlar vakillari uchun Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati (GIZ) hamda Shahrisabz tumani hokimligi bilan hamkorlikda xalqaro ekspert jalb etgan holda joriy yilning 26–28-avgust kunlari zamonaviy turizm xizmatlari bo‘yicha 3 kunlik amaliy seminar-trening o‘tkazilmoqda.

Ushbu amaliy seminar-treninglarning birinchi kungi dasturi Shahrisabz turizm va madaniy meros texnikumi binosida o‘tkazildi.

Unda mehmonxona va umumiy ovqatlanish obyektlarida turistlar uchun sifatli xizmat ko‘rsatish masalalari bo‘yicha amaliy bilim va ko‘nikmalar berildi.

Amaliy seminar-treninglarning ikkinchi va uchinchi kungi dasturlari Miraki shaharchasi hududida o‘tkazilmoqda.

Unda, jumladan, tinglovchilar turist (mehmon) sifatida mehmonxona, uy mehmonxonalari, umumiy ovqatlanish obyektlari (kafe, restoran, choyxona) hamda savdo komplekslariga olib borilib, ularda ko‘rsatilayotgan xizmatlarni turist sifatida baholaydilar.

Buning natijasida tinglovchilar o‘z obyektlarida turistlarga ko‘rsatayotgan xizmatlarining qaysi jihatlarining sifatini oshirishi zarurligi hamda sifatli xizmat ko‘rsatish uchun nimalar muhim ekanligi haqida amaliy bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘ladilar.

Tizimga kirish